O‘zbekistonda mavjud 10 mingga yaqin maktablarning eng yaxshilari reytingi aniqlanadi. Reyting natijalari 1 fevralgacha e’lon qilinishi mo‘ljallangan. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.
Reytingni aniqlash 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda respublikadan reytingda ishtirok etadigan 28 ta tumanlar va shaharlar aniqlanadi. Bunda 14 ta hududning markaz shaharlari tanlanadi. Unga qo‘shimcha ravishda har bir hududdan bir donadan tuman qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanib olinadi. Demak respublika bo‘yicha 28 ta tuman, shahar reytingni aniqlashda ishtirok etadi.
Ikkinchi bosqichda quyidagi 4 ta reyting indikatori bo‘yicha tanlangan tuman, shaharlardagi maktablar faoliyati o‘rganiladi:
— 11-sinf bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarlik darajasi va sifati ko‘rsatkichi;
— 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi ko‘rsatkichi;
— Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi;
— O‘quvchilar va pedagoglar bilan o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rov natijalari.
Reytingda umumta’lim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi PISA (Programme for International Student Assessment) va TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) — o‘quvchilar bilimini xalqaro baholash dasturi talablari doirasidagi savollar asosida baholanadi.
Umumta’lim muassasasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovlar nazorat ishlari boshlanishidan oldin tashkil etiladi va quyidagi ikki usulda amalga oshiriladi: birinchi usul, bitiruvchi sinflar o‘quvchilari bilan pedagog va rahbar xodimlar faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rov o‘tkaziladi. Bunda ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit va o‘qituvchilarning dars berish mahorati haqida o‘quvchilar fikri o‘rganiladi. Ikkinchi usul, pedagogik jamoa bilan TALIS (Teaching and Learning International Survey) — ta’lim berish va o‘qitish tizimining xalqaro tadqiqotiga asoslangan ijtimoiy so‘rov o‘tkaziladi. Bunda maktablarda o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va u yerdagi o‘quv muhitining ahvoli haqida o‘qituvchilar fikri o‘rganiladi.
Umumta’lim muassasalari reytingini tuzish maqsadida Davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, umumta’lim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tuziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda umumta’lim muassasalari reytingini aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish bo‘yicha Davlat inspeksiyasining hududiy bo‘limlari hamda Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Komissiya hamda ishchi guruh tarkiblari Davlat inspeksiyasi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Reytingda qatnashadigan tuman, shaharlar umumta’lim muassasalari ro‘yxati komissiya tomonidan belgilanib, joriy yilning 1 fevraligacha e’lon qilinadi.