GM Uzbekistan kompaniyasi Cobalt modelining yangi namunasini ishlab chiqarish bo‘yicha rejalardan voz kechdi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisining texnik siyosat va lokalizatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Shukurov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Yangi Cobalt avtomobilini 2019 yildan ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. Biroq Aziz Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya General Motors bilan hamkorlikning yangi konsepsiyasiga o‘tishi munosabati bilan endilikda avtomobillar safi Amerika korporatsiya bilan barobar ravishda yangilanadi.

«Yangi Cobalt unchalik ham yangi emas. GM Braziliyada bu loyihani 2016 yilda amalga oshirgan, joriy yil so‘ngida Cobalt [ishlab chiqarishdan] olinadi. Eski modellar ortidan quvishdan ma’no yo‘q deb hisobladik. O‘zbekistonda yangi Cobalt ishlab chiqarish bo‘yicha rejalar bekor qilindi», — deya tushuntirdi u.

«O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari sentyabrda Captiva modelini ishlab chiqarish to‘xtatilganidan so‘ng uning o‘rniga ikkita yangi avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi rejalar haqida ma’lum qildi. GM Uzbekistan Malibu sedanini ishlab chiqarishni ham to‘xtatishni rejalashtirmoqda.

«Biz yangi platformani o‘zlashtiramiz. Joriy yildan boshlab SUV segmentida ikki avtomobilni yig‘ish bo‘yicha ishlarni boshlaymiz. Captiva`ni [ishlab chiqarishdan] oldik, uchinchi chorak oxiridan uning o‘rniga ikkita yangi avtomobil bo‘ladi», — dedi Azizbek Shukurov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zavtosanoat"ning GM bilan avvalgi hamkorlik konsepsiyasi dolzarbligini yo‘qotdi.

«Avvallari biz GMning amaldagi modellarini olib kelar va ularni mahalliylashtirar edik. Bizning modellar o‘rtacha 9−10 yil davomida ishlab chiqarilgan — bu juda uzoq muddat. Hozirda modellar har 3−5 yilda almashmoqda. Shuning uchun iz GM`dagi hamkorlarimiz bilan kelishib oldik: yangi investitsion loyihalarni amalga oshiramiz, kelgusi uch yilda Asakadagi zavodda modellar qatorini yangilaymiz», — dedi Azizbek Shukurov.

General Motors o‘zining global platformalari doirasida ikkinchi yarim yillikdan yangi modellarini Xitoyda ishlab chiqarishni boshlaydi. O‘zbekiston unga 2021 yildan qo‘shiladi. «Uning asosida biz uchta yangi modelni ishlab chiqaramiz», — dedi u.

Qayd etish joizki, 2019 yilda Xitoy Chevrolet Monza va Chevrolet Onix sedanlari, Chevrolet Tracker mini-krossoveri, Chevrolet Blazer yo‘ltanlamasini ishlab chiqaradi.

«O‘zavtosanoat» vakili yaqin oylarda GM Uzbekistan nomining ham o‘zgarishini ma’lum qildi.