Bosma mahsulotlar hamda davriy bosma nashrlarning majburiy bepul nusxalarini kamaytirish ko‘rib chiqilmoqda, deya xabar qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi Telegram-kanalida.
Bugungi kunda qonunchilik asosida tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra, umumiy hisobda 43 ta davlat idoraci va tashkilotiga 71 ta bosma mahsulot hamda ro‘yxat asosida 25 ta idoraga 84 donadan gazeta va jurnal majburiy bepul tarqatiladi. Bunda majburiy bepul beriladigan bosma mahsulotlar matbaa korxonlari va nashriyotlarning o‘z hisobidan amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.
Bu borada xorij tajribasi o‘rganilganda Rossiyada 16 ta, Shvetsiyada — 8 ta, Finlyandiyada — 7 ta, Norvegiyada — 5 ta, Polshada — 11 ta, Chexiyada — 17 ta, Bolgariyada — 22 ta, Italiyada — 5 ta, Portugaliyada — 12 ta, Xitoy va Meksikada — 1 ta, AQSHda — 2 donadan asosan milliy axborot-kutubxona muassasalariga bepul majburiy nusxalar berilishi aniqlandi.
«Hozirgi vaqtda OAVning elektron turlari ommalashgani hamda nashriyot, tahririyat va matbaa korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik tomonidan majburiy bepul nusxalarni tarqatish tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif etilgan. Davriy nashrlar va kitob mahsulotlariga ehtiyoji bo‘lgan tashkilotlar ularni obuna bo‘lish orqali olishlari mumkin bo‘ladi», — deya qayd etadi agentlik.