Bojxona xodimlari tibbiy buyumlar va dori vositalarini olib kirish tartibini buzish holatini fosh qildilar. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari tomonidan «Dehli-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqarolar T.B. va T.R. larning bagajlari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ularning ichida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib kirish me’yoridan anchagina ortiq bo‘lgan, deyarli 50 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan, 777 dona dori vositalari va 103 dona tibbiyot buyumlari borligi aniqlangan.
Hozirda ushbu dori vositalari vaqtincha saqlovga olinib, tekshiruv ishlari olib borilmoqda.