Hukumat qaroriga asosan endilikda, davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan xorijiy davlatlarda amal qilishi uchun berilgan ishonchnoma, shartnoma, guvohnomalarni, shuningdek FHDYO bo‘limlari tomonidan berilgan guvohnoma va ma’lumotnomalarni tasdiqlash (apostil qo‘yish) davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Ma’lumot uchun — xorijiy davlatlarda amal qilish yoki xorijiy davlatlarning qaysidir tashkiloti yoki organiga taqdim qilish uchun berilgan hujjat (ishonchnoma, shartnoma, guvoxnoma, ma’lumotnoma)dagi imzoning va hujjatga qo‘yilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini tasdiqlab, maxsus shtamp qo‘yish apostil hisoblanadi.

Bugungi kungacha xorijiy davlatlarda amal qilishi uchun berilgan hujjatlarni tasdiqlatish uchun fuqarolar Adliya vazirligiga, Toshkent shahriga kelishlari zarur edi. Yangi tartibga asosan bu talab bekor qilinib fuqarolar ushbu hujjatlarni tasdiqlatish uchun Toshkent shahriga kelib yurmasdan, o‘zlarining doimiy yashash joylaridagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladilar.

Markaz xodimlari tomonidan elektron anketa to‘ldirilib, 10 daqiqa ichida tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalari anketani qabul qilib olganidan so‘ng 5 ish kuni ichida hujjatni tasdiqlash (apostil qo‘yish) bo‘yicha qaror qabul qiladi. Hujjatlar tasdiqlangan taqdirda darhol davlat xizmatlari markaziga yetkaziladi.

Davlat xizmatlari markazi hujjat tasdiqlanganligi haqidagi xat tushgandan so‘ng 1 soat mobaynida hujjatini olib ketish uchun ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.


https://t.me/huquqiyaxborot