O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati payshanba kuni bo‘lib o‘tgan 18-yalpi majlisda «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Tibbiy xizmatlar hammabopligi va sifati, shaxsiy hayotga aralashuvlardan himoya va oilaviy sirlarni saqlash, insonparvarlik va insonga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek erkaklar va ayollar tengligi reproduktiv salomatlik va oilani rejalashtirishni muhofaza qilishning asosiy tamoyillari etib belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, davlat fuqarolarning quyidagi huquqlari kafolatlaydi:

  • reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish va ularning reproduktiv huquqlarini amalga oshirish;
  • Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha xizmatlarning hammabopligi va izchilligi;
  • Tahqirlash, tahdid va zo‘ravonliklarsiz sog‘lom oilani shakllantirish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish;
  • Ularning shaxsiy hayotiga aralashmaslik, shaxsiy va oilaviy sirlarni saqlash;
  • Bepul birinchi tibbiy-sanitar yordam;
  • Fuqarolarning mustaqil qabul qilgan qarorlari asosida reproduktiv huquqlarini amalga oshirish.

Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risidagi ishonchli va to‘liq ma’lumotlarni olish, homiladorlik, tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi tadbirlar, davolash jarayonlari va xizmatlar, homiladorlik va bolani tug‘ish jarayonining asoratlar va muammolarsiz kechishini ta’minlash, reproduktiv tizimlar kasalliklaridan ogohlantirish va davolash, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklardan ogohlantirish va ularni davolash, homiladorlikdan xavfsiz sun’iy tanaffus, kontratsepsiya uslublari to‘g‘risida ma’lumot olish kabilarni nazarda tutadi.

Hujjat bilan qonunchilikka fuqarolarning reproduktiv salomatligi, yordamchi reproduktiv texnologiyalar va boshqalar kiritilmoqda. Qonun loyihasiga kiritilgan surrogat onalik, kriokonservatsiya va donorlik kabi tushuncha va bandlar olib tashlandi.

Ma’lumotnoma: Yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisiga kiritilgan qonun loyihasida muhokamalarida surrogat onalik, embrionlar donorligi kabi alohida zamonaviy yordamchi reproduktiv texnologiya turlarini qonunchilikka kiritishga hali vaqt borligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qonunda quyidagi yordamchi reproduktiv texnologiyalar sanab o‘tilgan:

  • ekstrakorporal urug‘lantirish (erkak va ayol jinsiy hujayralarini ayol organizmidan tashqaridan sun’iy birlashtirish, embrionni rivojlantirish va ushbu birlashma natijasini keyinchalik ona bachadoniga ko‘chirish)
  • sun’iy inseminatsiya — erkak jinsiy hujayrasini ayol bachadoniga kiritish;
  • spermatozoidlarni intratsitoplazmatik in’eksiya qilish — erkak jinsiy hujayrasini ayol jinsiy hujayrasiga kiritish, embrionni rivojlantirib, so‘ng uni ayol bachadoniga kiritish (IKSI)
  • preimplantatsion genetik diagnostika — inson embrionini ayol bachadoniga kiritishga qadar genetik kasalliklar diagnostikasi (faqat nasliy kasalliklar uchun o‘tkaziladi).

Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan faqat er-xotinlar foydalanishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Reproduktiv texnologiyalardan foydalanishda jinsiy hujayralar, embrionlar va reproduktiv organlar to‘qimalarining biologik funksiyalarini qayta tiklash imkoni bilan saqlashga ruxsat beriladi. Biroq ushbu biomateriallardan harbiy, sanoat va tijoriy maqsadlarda foydalanish qat’iy taqiqlanishi qayd etildi.

Yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qo‘llash hamda ishtirokchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shifokor siri hisoblanadi.

Hujjatda ayolning xohishiga ko‘ra 12 haftagacha homiladorlik davrida, homilador ayol hayotiga tahdid soluvchi tibbiy ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan taqdirda — homiladorlik muddatidan qat’i nazar homiladorlikni sun’iy to‘xtatish belgilandi.

Qonunda ayol kishi homiladorlikka, homiladorlikni sun’iy to‘xtatish va kontratsepsiyadan foydalanishga majburlanmasligi qayd etiladi.