Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida prezident korteji kutilmaganda To‘raqo‘rg‘on tumani dehqon bozori yonida to‘xtadi. Davlat rahbari xalq ichiga kirib borib, odamlar bilan samimiy muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror qilish, aholi turmush darajasini oshirish yo‘lidagi islohotlar xalq bilan bamaslahat davom ettirilishini ta’kidladi. Jumladan, Namangan viloyatining har bir tumaniga katta miqdorda investitsiyalar kiritish, yangi korxonalar, sanatoriylar, maktablar qurish, ishchi joylar yaratish bo‘yicha ulkan loyihalar boshlanganini aytib o‘tdi.

Odamlar prezident tashrifidan benihoya xursand bo‘lib, islohotlar natijalari har bir sohada sezilayotganini bildirdi. Namangan viloyati, umuman, mamlakatimiz hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.