Futbol bo‘yicha Pokiston terma jamoasi 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashmaydi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionatining saralashi Toshkentda, musobaqaning o‘zi esa 2020 yilda Tailandda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston termasi Tojikiston, Hindiston va Pokiston bilan «F» guruhidan o‘rin olgan. Biroq Pokiston musobaqada ishtirok etmaydi.

FootballPakistan nashrining xabar qilishicha, Pokiston Oliy sudi Pokiston Futbol federatsiyasi prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha hukm chiqargan, avvalgi saylov esa dekabrda bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda PFF prezidenti lavozimiga Sayid Ashfak saylangan, biroq Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan tan olinmagan edi. Tashkilot saylovda uchinchi tomonning aralashuvini qayd etib, Feysal Solih Hayatni federatsiya prezidenti sifatida tan olgan.

Sayid Ashfak Pokiston Futbol federatsiyasi jamoani musobaqadan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilmaganini ma’lum qildi.

«Biz jamoani o‘yinga jo‘natganimizga ishontirishni istardim, — dedi u chorshanba kuni. — Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) esa ular bizni tan olmasligini ma’lum qilishdi. Shu sababli biz jo‘nata olmadik va jamoani musobaqadan chiqardik».

Pokiston jamoasining musobaqadan olinishi 20 ming dollar miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. FIFA va OFK federatsiyani moliyalashtirishni to‘xtatdi, deyiladi xabarda.

Shunday qilib, «F» guruhida Osiyo chempionati yo‘llanmasi uchun uchta jamoa kurash olib boradi. Uchrashuvlar 22−26 mart kunlari «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi.

«F» guruhida o‘yin taqvimi:

O‘zbekiston — Hindiston, 22 mart, 17:00

Tojikiston — Hindiston, 24 mart, 17:00

O‘zbekiston — Tojikiston, 26 mart, 17:00