Pokiston havo hududi yopilgani sababli «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi xarajatlari ikki barobarga ortdi, deya xabar qildi MAK vakili «Gazeta.uz» muxbiriga.

27 fevral kuni Pokiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi qarori bilan Kashmir atrofida Hindiston bilan mojaro keskinlashgani sababli mamlakat havo hududi barcha parvozlar (tranzit) uchun yopilgan. Mazkur taqiq 12 martga qadar davom etishi belgilangan.

Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkentdan Hindistonning Amritsar shahriga parvoz qiluvchi samolyoti Pokiston hududini chetlab o‘tmoqda. Manba: Flightradar24.

MAK parvozlarni Hindiston (Dehli, Amritsar, Mumbay) va Janubi-Sharqiy Osiyo shaharlariga (Bangkok, Kuala-Lumpur, Singapur) Pokiston havo hududini aylanib o‘tgan holda — Turkmaniston va Eron orqali amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda. Natijada parvozlar muddati uzaymoqda, aviakerosin va boshqa davlatlar ustidan uchish xarajatlari ortmoqda.

Murakkab vaziyat vujudga kelganiga qaramasdan MAK boshqa aviatashuvchilar kabi keltirib o‘tilgan yo‘nalishlardagi qatnovlarni bekor qilmadi, deya qayd etdi kompaniya.

Chiptalar narxi oshishi mumkinmi, degan savolga MAK vakili agarda havo hududi yopiqligicha qolsa, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlarda aviachiptalar narxlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin deya javob berdi.