Rembrandtning 150 mln yevrogacha baholanayotgan kartinasi Madaniyat vazirligiga berildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rembrandtning 150 mln dollargacha baholanayotgan kartinasini Madaniyat vazirligiga berdi. Kartina Germaniyada saqlanib, Ikkinchi jahon urushidan keyin xususiy qo‘llarga o‘tgan.

Taniqli rassom Rembrandt van Reyn (1606−1669) qalamiga mansub kartina O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga berildi. Bosh prokuratura va Madaniyat vazirligi o‘rtasida ob’ekt oldi-berdisi akti tuzildi, deya xabar qildi vazirlik va Bosh prokuratura matbuot xizmatlari «Gazeta.uz"ga.

Madaniyat vazirligining qayd etishicha, mazkur ish Yevropa auksion savdolarida 8−15 mln yevrodan (boshlang‘ich narx) 150 mln yevrogacha baholanadi. Buni Sotheby’s (Buyuk Britaniya) va Christie’s (Fransiya) auksion uylari ma’lumotlari tasdiqlamoqda.

Bosh prokuratura o‘tkazgan badiiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, kartina haqiqatdan ham Rembrandt qalamiga oid. Kartina muzey-tarixiy va badiiy ahamiyatga ega.

Yaqin vaqtlarda yanada chuqur izlanishlar olib boriladi, deya qayd etdi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Madaniyat vazirligi.

Surat 2008 yilgacha Toshkentda istiqomat qiluvchi Andrey Plujnikovda saqlangan, Madaniyat vazirligi va Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u kartinani fuqaro Komil Yuldashevga 50 ming dollarga sotadi, u esa tanishi R.Fuzailov orqali asarni noqonuniy yo‘l bilan respublikadan tashqariga olib chiqib ketgan. 2014 yilda Yuldashevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 170-moddasi (Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2014−2018 yillarda jinoyat ishi jinoyat tarkibi yo‘qligi, shuningdek muddat o‘tgani sababli bir necha marta to‘xtalgan. O‘tgan yili Andrey Plujnikov bosh prokuror Otabek Murodov nomiga qarordan noroziligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan murojaat qildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bosh prokuror topshirig‘i bilan 2018 yil 4 iyunda jinoyat ishi Toshkent IIBB Tergov bo‘limidan Bosh prokuratura o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasiga beriladi. Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 14 iyun kuni jinoyat ishi ochilib, Rembrandtning muallif ishi topiladi.

Tergov yakunlari bo‘yicha Yuldashev va Fuzailov Jinoyat kodeksining 182-modda (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi va 238-modda (yolg‘on guvohlik berish) 2-qismi bo‘yicha aybdor sifatida jalb qilindi. 21 noyabr kuni ular aybdor deb topilib, kartina Bosh prokuratura tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga appelyatsion shikoyat kiritilganidan so‘ng birinchi instansiya sudi qarori qayta ko‘rib chiqildi va o‘z kuchida qoldirildi.

Madaniyat vazirligi tez orada kartinani O‘zbekiston Davlat san’at muzeyiga topshiradi.