O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zbekneftgaz» AJning «Yangi konlarni ochish, ishlab-chiqarish jarayonlariga zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni jalb qilish orqali uglevodorod qazib chiqarish hajmlarini oshirish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 3 noyabrdagi «2017−2021 yillarda «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha mineral xom-ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish Davlat Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan so‘nggi ikki yilda 11 neft va gaz konlari ochilib uglevodorod xom-ashyo zaxiralari o‘stirildi.

Ushbu Dasturga asosan 2019 yilda 2D va 3D seyeysmik-qidiruv ishlarini o‘tkazish, 16 ta yangi ob’ektni burg‘ulashga tayyorlash, 15 ta yangi maydonda burg‘ulash ishlarini boshlash va 85 ta izlov-qidiruv quduqlarini qurilish bilan tugatish rejalashtirilgan. Natijada yangi uglevodorod konlarini ochish orqali sanoat miqyosidagi tabiiy gaz, neft va kondensat zaxiralarini oshirish mo‘ljallanmoqda.

Ushbu jarayonda Ustyurt va Buxoro-Xiva regionidagi quyi yura va paleozoy yotqiziqlarini o‘rganish, 3 ming metrdan ortiq chuqurlikdagi konlarni aniqlashga, ma’lumotlarni ilmiy taxlil qilish konlar va istiqbolli ob’ektlarning uch o‘lchamli modellarini tuzish orqali geollogiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy geofizik uskunalarni ishga tushirish kabi yshnalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Bugungi kunda «O‘zbekneftgaz» AJ qarashli korhonalari tomonidan 154 ta konda uglevodorod xomashyosi qazib chiqariladi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 9 martdagi «2017−2021 yillarda uglevodorod xom-ashyosini qazib chiqarishni oshirish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori asosida oxirgi ikki yilda yangi Beskala, Quyi Surgil, Uchtepa, Chordarboza Mirkomilquduq, Savatli, Shimoliy Suzma, Jayron, Tegirmon, G‘arbiy Tegirmon va Uzunshor konlari o‘zlashtirilib, ishga qo‘shildi va 148 ta yangi quduqlar burg‘ilandi, 169 ta quduqda kapital ta’mirlash ishlari bajarilishi natijasida qo‘shimcha uglevodorodlarni qazib chiqarishga erishildi. 2019 yilda 146 ta yangi quduqlarni burg‘ulash, 159 ta mavjud quduqlarda kapital ta’mirlash ishlari va 7 ta yirik texnologik qurilmalarni qurilib ishga qo‘shish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda xam ishlar olib borilmoqda. Yirik konlarni jixozlash va ishga qo‘shish evaziga mavjud uglevodorod qazib chiqarish hajmlarni ko‘paytirishga erishildi. Masalan, «LUKOYL» kompaniyasi bilan birgalikda Qandim, Adamtash, Gumbulak konlari va «Qandim» gazni qayta ishlash kompleksi qurilib ishga tushirildi. «New Silk Road» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi bilan birgalikda Buxoro viloyatida va «Natural Gas Stream» qo‘shma korxona bilan Akchaloq va Qorachaloq konlar guruhi ishga qo‘shilishi ta’minlandi, hamda ushbu konlarni ishlatish bo‘yicha eng ilg‘or texnologiyalar tadbiq etildi.

Konlarni ishlatish samaradorligini oshirish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ xorijiy yirik «Siemens» (Germaniya), «Halliburton» (AQSH), Schlumberger (Shveysariya), «Tatneft» va «Zarubejneft» (RF) kompaniyalarni texnologiyalarini jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida 5 ta neftgazli (Ustyurt, Buxoro-Xiva, Hissor, Surxandaryo va Farg‘ona) va 4 ta neft va gazga istiqbolli (Xorazm, O‘rta-Sirdaryo, Markaziy-Qizilqum va Zarafshon) regionlari ajratilgan hamda ularda 270 ta neft va gaz konlari ochilgan.