2019 yil 17 mart kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xushro‘y ko‘chasi, 13-uyda yashagan N.A. (ayol kishi, 1972 yilda tug‘ilgan) va uning birinchi turmushidan bo‘lgan farzandlari H.N. (1994 yil) va Sh. N. (1995 yil)ning murdalari ko‘krak qafasi, o‘pka va yurakka sanchilib kirgan og‘ir tan jarohatlari bilan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea joyiga tezkor tergov guruhi yetib borgan hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari o‘tkazilib, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida xonadonga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasining xotira qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida olinib, undagi video tasvirlar ko‘zdan kechirilganida, ushbu qotillik jinoyati N.A.ning sha’riy nikohdagi turmush o‘rtog‘i I.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi va viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda gumon qilinuvchi I.X. Zomin tumanida qo‘lga olingan.

I.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» va «j» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan alohida nazorat o‘rnatildi.