Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida Navro‘z bayrami arafasida Xalqaro ko‘pkari va milliy xalq o‘yinlari musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil dekabr oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashriflari davomida Qorabayir zotli otlarning dovrug‘inin keng yoyish maqsadida Navro‘z bayrami arafasida Xalqaro ko‘pkari o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Xalqaro ko‘pkari musobaqasi 2019 yil 18 mart kuni Kitob tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan, so‘lim Qaynar qishlog‘i hududida bo‘lib o‘tdi. Musobaqa doirasida milliy kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish kabi milliy xalq o‘yinlari ham o‘tkazildi.

Ko‘pkari o‘yinlarida prezident sovrini uchun Markaziy Osiyo davlatlari, qo‘shni Afg‘oniston chavandozlari ham ot choptirgan ko‘pkarida shahrisabzlik Sirojiddin Jovliyev «Fonar» laqabli oti bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, «Chevrolet Lacetti» avtomobilini mukofot sifatida qabul qilib oldi.

Kurash musobaqasida esa g‘uzorlik Sherali Jo‘rayev mutlaq vazn toifasida g‘olib chiqib, bosh sovrin — «Spark» avtomobilini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, kurash bo‘yicha ayollar o‘rtasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Foto: Murodillo Komilov. Kurash musobaqasi g‘olibi Sherali Jo‘rayev.

Musobaqada gilamga chiqib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan polvonlar ham, uloq ayirgan chavandozlar ham tuya, toy, qoramol, qimmatbaho maishiy texnika buyumlari va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Qaynar qishlog‘i yaqinidagi kengliklarda Navro‘z bayrami munosabati bilan ko‘pkari bilan birga kurash, chovg‘on, arqon tortish va qo‘chqor va xo‘roz urishtirish kabi o‘yinlar ham o‘tkazildi.