Poytaxtning Shayxontohur va Sergeli tumanlari to‘rtinchi sektor rahbarlari tashabbusi bilan «Obod mahalla» dasturi doirasida tubdan rekonstruksiya qilingan maktabgacha ta’lim maskanlari Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Shayxontohur tumanida foydalanishga topshirilgan 241-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi 1960 yilda qurilgan bo‘lib, shu kunga qadar mukammal ta’mirdan chiqarilmagan edi. Endilikda kichkintoylarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan mazkur bolalar bog‘chasi 150 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga oladi.


Turli ertak qahramonlari aks etgan bolalar maydonchasi, oshxona, yuvinish xonasi, tibbiy punkt, yumshoq mebellar jamlanmasi, yozgi basseyn hamda zamonaviy o‘yin maydonchalari kichkintoylar xizmatida. Bolajonlar uchun kundalik mashg‘ulotlardan tashqari, rus, ingliz tili, rasm chizish, raqs to‘garaklari ham tashkil etilgan.

Sergeli tumanida kapital ta’mirdan chiqarilgan 564-MTM esa 110 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, muassasada o‘yin maydonchalari, musiqa va sport zallari zarur qo‘llanma hamda ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlangan.

Muassasalar ochilishiga bag‘ishlangan marosimlarda MTM tarbiyalanuvchilariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari esa ishtirokchilarga musiqiy chiqishlarini namoyish etdi.