25 mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Hindistonning «India Builders Corporation» (IBC) kompaniyasi vakillarini vazir Ibrohim Abdurahmonov qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
IBC kompaniyasi Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani davlatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarda sho‘’ba korxonalariga ega bo‘lib, ko‘chmas mulk, axborot texnologiyalari, mehmonxona sohasida butun dunyo bo‘yicha 2 mlrd. AQSH dollari atrofidagi biznesga egalik qiladi.
Mazkur kompaniya vakillari O‘zbekistonga investitsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganganish maqsadida tashrif buyurib, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borish istagida ekanliklarini aytib o‘tishdi:
1) Axborot texnologiyalari — elektron hukumat, raqamli tibbiyot (e-health), elektron savdo texnologiyalarini yurtimizga joriy etish, kommunal va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, soliq tizimi va boshqa sohalarga axborot texnologiyalarini tatbiq etish;
2) «Aqlli shahar», «aqlli binolar» (turar joylar va ma’muriy binolar), «aqlli tibbiyot muassasalari», «suv resurslarining aqlli boshqaruvi», «chiqindilarni aqlli boshqaruvi» kabi loyihalarda ishtirok etish;
3) Axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim;
4) Innovatsion startap loyihalar («Block chain», «Artificial Intelligence», «Internet of Things» va boshqalar).
5) Axborot texnologiyalari parklarini yaratish.