Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyati Qibray tumani 42-sonli tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga borib, kitoblar va o‘quv qurollari topshirdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"Sizlarning kamol topishingiz, yurtimizni rivojlanishiga xizmat qo‘shadigan insonlar bo‘lib yetishishingiz uchun kitobning o‘rni beqiyos, — dedi I. Abdurahmonov bolalarga murojaat qilarkan. — Hozir bir kutubxonangizni to‘ldirishga birozgina hissa qo‘shyapmiz xolos. Har bir kitob — bir dunyo, shu kitoblarni o‘qib, yangidan yangi dunyolarni kashf qilasiz, dunyoqarashingiz o‘sadi, kelajakda yuqori marralarga erishishingizga yordam beradi".


Kitob sovg‘a qilinganidan so‘ng vazirlik xodimlari tomonidan bolajonlarga qiziqarli robototexnika mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Robototexnika saboqlari bolalarni ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga qiziqishini orttirsa, kitoblarni ularning ijobiy fikrlashiga xizmat qiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur maktab-internatda muntazam ravishda robototexnika bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etishni rejalashtirdi.


Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati va xodimlari Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi bir necha maktablarga kitoblar sovg‘a qildi. Xususan, innovatsion rivojlanishi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Namangan viloyati Chust tumani G‘ovasoy qishlog‘idagi o‘zi ta’lim olgan 12-o‘rta maktabga kitoblar sovg‘a qildi, vazirlik xodimlari tomonidan ushbu maktabga Q-Box qurilmasi ham o‘rnatildi.

Shu bilan bir qatorda respublika viloyatlarining uzoq hududlaridagi maktablariga bir necha ming kitoblarni o‘zida jamlagan, wi-fi Tizimi shaklidagi Q-Box qurilmasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.