Surxondaryo viloyati IIB Termiz shahar ichki ishlar bo‘limi ko‘p qavatli uydagi omborda sodir bo‘lgan portlashda vafot etgan ikki erkakning shaxsini aniqladi.

Avvalroq «Do‘stlik» mahallasi Alisher Navoiy ko‘chasidagi 10-uyning chap tomonidan gaz-havo aralashmasi chaqnashi natijasida portlash sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Viloyat IIBdan «Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, vafot etganlar Termizda istiqomat qilgan R. Abdurahmonov (1958 y. t.) va Angor tumanida yashagan R. Imomaliyev (1962 y. t.) bo‘lib chiqdi. Portlash ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida — Fasad Diyor xususiy korxonasiga tegishli penoplast, hojatxona qog‘ozi va boshqa mahsulotlar saqlangan omborda sodir bo‘lgan. Korxona B. Imomaliyevga tegishli bo‘lgan.

Shahar ichki ishlar bo‘limidan oydinlik kiritilishicha, portlash 8 aprel kuni 11:30 da sodir bo‘lgani qayd etilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan «Gazeta.uz"ga xabar berilishicha, elektr chirog‘i yoqilgan vaqtda yerto‘lada to‘plangan is gazi va elektr energiyasining o‘zaro kimyoviy reaksiyasi natijasida portlash holati kelib chiqqan.

Viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Video