9 aprel kuni taxminan 01:15 da Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi M37 yo‘lining 313-kilometrida Mercedes-Benz rusumli yuk mashinasi va teplovoz to‘qnashuvi natijasida Turkiya fuqarosi Zaki Kiraj vafot etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.
Yuk mashinasi (davlat raqami TR76DH642) haydovchisi Qandim gazni qayta ishlash zavodi temir yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan teplovoz yoqilg‘i bakiga borib urilgan. Olgan tan jarohatlari oqibatida Zaki Kiraj hodisa joyida vafot etdi.
Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tuman ichki ishlar bo‘limi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-modda 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyati prokuraturasi jinoyat ishi ustidan nazorat o‘rnatdi.