Janubiy Koreyaning Booyoung Housing kompaniyasi O‘zbekiston ta’lim muassasalariga 2000 dona raqamli pianino sovg‘a qildi. Musiqiy jihozlarni beg‘araz yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuv prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida imzolangan edi, deya xabar qildi O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Kompaniya 16 aprel kuni eng so‘nggi pianinoni yetkazib berdi. Qoraqalpog‘iston MTBga 151, Xorazm viloyatiga — 63, Qashqadaryo viloyatiga — 54, Surxondaryo viloyatiga — 88, Jizzax viloyatiga — 28, Toshkentga — 9, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga esa bir donadan pianino topshirildi.

Xalq ta’limi vazirligi ham, loyihaga ko‘ra, maktablar uchun raqamli pianinolarga ega bo‘ldi.

Kompaniya raqamli pianinolarni chalish hamda O‘zbekiston talabalari uchun koreys qo‘shiqlarini xor bo‘lib ijro etish bo‘yicha ikki haftalik mashg‘ulotlarni tashkil etdi.

Mazkur loyihaning maktabgacha yoshdagi bolalarning badiiy-estetik, musiqiy tarbiyasi va ta’limiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Bundan tashqari, u prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘quvchilarda musiqa, rang-tasvir, adabiyot, teatr va boshqa san’at yo‘nalishlaridagi ko‘nikmalarini aniqlash, shuningdek aholi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan besh tashabbusini amalga oshirishda ko‘maklashadi.