Trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Reglamentga muvofiq, mazkur davlat xizmati Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan attestatsiya o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Ariza Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib yoki YAIDXP orqali tegishli sport turini tanlagan holda to‘ldiriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun quyidagi yig‘imlar undiriladi:
arizani ko‘rib chiqqanlik uchun — eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida (20 ming 273 so‘m);
attestatsiyadan o‘tkazish uchun — eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida (202 ming 730 so‘m).
Ariza 10 daqiqada Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markaziga yuboriladi.
Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi ariza tushganidan:
10 ish kunida attestatsiyaning birinchi bosqichi o‘tadigan sana va joy to‘g‘risida ariza beruvchini xabardor qiladi;
attestatsiyaning birinchi bosqichini 20 ish kunida o‘tkazadi;
birinchi bosqichdan o‘tganlarning hujjatlarini 3 ish kunida tegishli sport turlari bo‘yicha respublika tashkilotlariga yuboradi.
Sport turlari bo‘yicha respublika tashkilotlari 15 ish kunida ariza beruvchilarning nazariy va amaliy bilimlari bo‘yicha attestatsiyaning ikkinchi bosqichini o‘tkazadi va sinov yakunlari bo‘yicha xulosani sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish mazkaziga yuboradi.
Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi 5 ish kunida ruxsatnoma bo‘yicha qaror tayyorlaydi. Qaror qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kunida ruxsatnoma Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP orqali ariza beruvchiga yuboriladi.