Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolarining jarohatlanishi va halok bo‘lishiga olib kelgan avtobus avariyasi tafsilotlarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.
Favqulodda vaziyatlar, tashqi ishlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar vakillaridan tarkib topgan komissiya a’zolari qo‘shni mamlakatdagi hodisa joyiga bordi. Avvalroq u yerga O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi xodimlari otlangan edi.
Hukumat komissiyasiga Qozog‘iston tomoni bilan halok bo‘lganlarning jasadlari hamda jarohatlanganlarni O‘zbekistonga olib kelish hamda ularning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatish vazifalari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni 5:09 da «Chimkent-Olma Ota» trassasining 181- kilometrida 49 yo‘lovchisi bo‘lgan avtobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.
11 kishi, jumladan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi: Abduholiqov O‘rinboy Mirhamid o‘g‘li (4.11.1993 y. t., Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidan), Yermekbayeva Dilorom Abdukalikovna (22.12.1972, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidan) va Kalmuratov Alisher Safarbayevich (3.12.1988, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan) hayotdan ko‘z yumdi.
32 kishi, jumladan 13 o‘zbekistonlik turli darajada tan jarohatlari oldi, ularning uch nafarining ahvoli og‘ir. Jabrlanganlar Korday tumani shifoxonasiga yotqizildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari barcha zarur harakatlarni birgalikda amalga oshirmoqda, deyiladi xabarda.