Shri-Lanka poytaxti Kolombo va mamlakatning boshqa hududlaridagi katolik cherkovlari va mehmonxonalarda sodir etilgan portlashlar oqibatida eng kamida 137 kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi AFP agentligi.

Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat poytaxti Kolomboda 45 kishi, Negobmo shahrida — 67 kishi, Battikaloa shahrida esa 25 kishi qurbon bo‘ldi. Tibbiy tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, 300 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Mahalliy Ada Derana nashrining xabar berishicha, mamlakat poytaxtidagi besh yulduzli Shangri-La, Cinnamon Grand va Kingsbury mehmonxonalari yaqinida uchta portlash sodir etilgan. Shuningdek, Kolomboga tutash Kotaxena shahridagi uchta cherkovda hamda Negombo va Battikaloa shaharlarida Pasxa bayrami nishonlanayotgan vaqtda portlashlar amalga oshirilgan.

Hodisa joylariga yetib borgan politsiya cherkov va mehmonxonalarni qurshab oldi. Daily Mirror nashrining xabar qilishicha, halok bo‘lganlar orasida chet ellik sayyohlar ham bo‘lishi mumkin. 160 dan ortiq kishi Kolombo milliy shifoxonasiga yotqizilgan.