O‘zbekistonlik ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga umra va haj ziyorati uchun borishi narxlari arzonlashtirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mabuot xizmati xabar berdi.

2016 yilda O‘zbekistondan 5200 kishi haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab ularning soni 7200 nafarga yetdi.

Ilgari umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan e’tiboran fuqarolarga yil davomida kvotasiz umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusiga asosan fuqarolarga haj va umra safari mobaynida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi.

2018 yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so‘mni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko‘ra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan 42−43 million so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi.

Shavkat Mirziyoyevning harakatlari natijasida joriy yildan haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi, ya’niy haj ibodatini amalga oshirishni 10 million so‘mga arzonlashtirishga erishildi. «Haj-2019» mavsumidan so‘ng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, «Haj-2018» to‘lovidan ortgan 926,5 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ har bir ziyoratchiga qaytirib berildi.