Toshkent IIBB «Novosti Uzbekistana» nashrining Davr bank xodimlari ko‘p millionli o‘g‘riliklarda gumon qilinib qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarga izoh berdi.

Ichki ishlar organlariga Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro U. J.dan 9 aprel kuni ipoteka krediti olish uchun Davr bank Uchtepa filialiga murojaat qilgani va dastlabki badal sifatida 75 mln so‘mni to‘lagani haqidagi ariza kelib tushadi. Biroq pul quruvchining hisob raqamiga kelib tushmaydi.

Shundan so‘ng ichki ishlar organlariga xuddi shunday xarakterdagi yana 20 kishidan ariza kelib tushdi. Ularning barchasi kredit olish yoki bankda shaxsiy hisob raqamini ochish masalalari bo‘yicha murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-modda (firibgarlik) 3-qism «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib Davr bank Uchtepa filiali xodimlari 28 yoshli Yu.J. va 23 yoshli M.B. qo‘lga olindi.

Ularga nisbatan ayblov 1 may kuni e’lon qilindi, xuddi shu kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi aybdorlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanladi.

Ayni vaqtda Toshkent IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi jinoyat ishini tergov qilmoqda.