Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjat 8 bob va 47 moddadan iborat (amaldagisi — 6 bob va 29 moddadan). Yangi boblarda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va ularning vakolatlari, shuningdek, ular faoliyatining qonuniyligi kafolatlari keltirib o‘tilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy xususiyatga ega qarorlari loyihalari Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda tegishli huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Hokim vakolatini kengaytirish va unga tabiiy resurslardan foydalanish, kommunal tarmoqlar va inshootlar qurishga ruxsat berish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish va boshqalarni kiritish taklif etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari bir yilda eng kamida ikki marta aholi oldida o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot beradi. Hokimlar faoliyati Vazirlar Mahkamasi, xalq deputatlari kengashlari va yuqorida turuvchi hokimlar tomonidan har chorakda o‘rganiladi. O‘z faoliyati davrida tegishli hududni yetarli darajada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantira olmagan, tadbirkorlikni rivojlantirishning uddasidan chiqmagan shaxslar takroran hokim lavozimiga da’vogarlik qila olmaydi.
Hokim, uning o‘rinbosarlari, hokim apparatining boshqa boshqaruvchi xodimlari maosh to‘lanadigan boshqa lavozimlarda ishlash huquqiga ega emas, qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlar bundan mustasno, deyiladi qonun loyihasida. Qonunning amaldagi talqinida istisnoli holatlar yo‘q.
Qonun loyihasida hokim vakolatini muddatidan oldin to‘xtatish holatlari ham sanab o‘tilgan. Sudning hokimga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda, doimiy yashash uchun O‘zbekistondan chet elga ketganida va boshqalar shular jumlasidan.