Har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida uning qon tomiri bo‘lgan logistika tizimi juda muhim ahamiyatga ega. Samarador logistika tizimi ichki bozorda tayyor mahsulot va xom-ashyo harakatini optimallashtirish orqali tovar va xizmatlarning xaridorlar uchun qulay sharoit va arzon narxlarda yetkazib berilishini ta’minlaydi, bozordagi raqobatni rag‘batlantiradi. Tashqi bozorda esa mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshiradi va jahon iqtisodiyotiga integratsiya jarayonini tezlashtiradi. Rivojlanib borayotgan mamlakatimiz uchun samarador logistika tizimini tashkil qilish juda ham muhim.

O‘zbekiston logistika samadorligining (LPI) dunyo miqyosidagi o‘rni

Jahon Banki tomonidan 2018 yilda chop etilgan logistika samaradorligi hisobotida O‘zbekiston 160 davlat orasida 99-o‘rinni egalladi. Hisobotni ishlab chiqishda bojxona samaradorligi, transport infratuzilmasi sifati, xalqaro tashimalarni tashkil qilish osonligi, soha mutaxassislarining bilim va salohiyati, yuklarni kuzatish imkoniyati va yuklarni o‘z vaqtida yetkazish darajasi kabi me’zonlar hisobga olingan. Afsuski mintaqamiz LPI darajasi maqtanarli darajada emas. Bu borada respublikamiz mintaqada Qozog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Quyida LPI reytingida birinchi o‘rinni egallagan Germaniya va O‘zbekistonning me’zonlar bo‘yicha farqini ko‘rishingiz mumkin:

Natijalarga qaraydigan bo‘lsak, sohani rivojlantirish uchun hali juda ham ko‘p ishlar qilinishi kerakligini tushunish qiyin emas. Bunda asosan chegara va mamlakat hududiga bojxona jarayonlari samaradorligini oshirish, soha mutaxassislarini ko‘paytirish, tizimga innovatsion yondashuvni tatbiq qilish muhim.

Logistika samaradorligining iqtisodiyotga ta’siri

Logistika samaradorligini oshirish transport-jo‘g‘rofiy noqulay joylashgan va eng arzon transport turi bo‘lgan dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hatto chegaradosh davlatlar orqali ham chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bizning mamlakatda ayniqsa dolzarbdir.

Respublikamiz eksportining katta qismini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xom-ashyo tashkil etadi. Ular ishlab chiqarish mahsulotlari (manufactured goods) qaraganda transport birligiga nisbatan (masalan bir tonna paxta va bir tonna tayyor yuqori sifatli to‘qimachilik mahsuloti) juda arzondir. Bundan kelib chiqadiki, eksport mahsulotlarimizning so‘nggi narxlarida transport xarajatlarining foiz ulushi yuqori va bu logistika samaradorligi iqtisodiyotimizda rivojlangan davlatlarga taqqoslaganda muhimroq ekanligini anglatadi.

Quyidagi grafikda Shvetsiyada turli mahsulotlar turkumining daromadidagi transport xarajatlarining ulushini ko‘rish mumkin:

Samarador logistika tizimini tushuntirish uchun juda oddiy ikki misolni keltirib o‘taman.

Mikroiqtisodiy misol. Tasavvur qiling, siz qaysidir viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanasiz. Xaridorlaringiz shaharlardagi bozorlar, supermarketlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari bo‘lishi mumkin. Toza mahsulotni oxirgi xaridorga yetib borguniga qadar sizning bir necha kungina vaqtingiz bo‘ladi. Shu vaqt ichida hosilni yig‘ib olishingiz, qadoqlashingiz, transport vositasiga yuklab, xaridorga yetkazishingiz kerak.

Zanjirning biror-bir nuqtasida muammo paydo bo‘lishi foydaning kamayishiga va hatto tadbirkorning zararga kirishga sabab bo‘lishi mumkin. Bunga mahlusotni vaqtida yig‘ib olmaslik, noto‘g‘ri qadoqlash, noto‘g‘ri saqlash, transport vositasining vaqtida mavjud emasligi/nosozligi yoki keraklicha jihozlanmagani va shunga o‘xshash ko‘plab muammolar sabab bo‘lishi mumkin.

Makroiqtisodiy misol. Tasavvur qiling, siz eksportga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirasiz va mahsulotingizni Uvropa bozoriga, masalan, Germaniyaga olib chiqmoqchisiz. Bunda avvalambor Germaniyada shu mahsulotga bo‘lgan talab darajasini, taklif qilinayotgan narxlarni, mahsulotingizning tannarxini, uning eksport va transport xarajatlarini hisoblab chiqasiz. Aynan shu mahsulotni Germaniyaga yetkazib beradigan Ispaniya, Italiya, Polsha kabi Yevropa davlatlari yetkazib beruvchilari sizga raqobatbardosh hisoblanadi. Ishchi kuchi arzonligi, mahsulot sifati, uning xilma-xilligi sizning mahsulotingizning afzalliklari bo‘la olsa-da, transport xarajatlari yuqoriligi mahsulotning oxirgi narxlariga katta ta’sir ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashishda qo‘llanadigan muzlatgich-avtotransportida bir kg mahsulotni O‘zbekistondan Germaniyaga qilingan transport xarajati hozirgi paytda 40−50 yevro sent atrofida, agar bu turdagi mahsulotlar uchun chakana savdodagi narxlar 50−60 sentdan 2−3 yevrogachaligini hisobga olsak, mahsulotimizning qimmat transport sababli raqobatbardoshligini qanchalik yo‘qotishi mukinligini ko‘ramiz.

Logistika samaradorligini yaxshilash nima uchun aynan bugungi kunda dolzarb?

Ba’zi rivojlangan davlatlar oxirgi yillarda iqtisodda proteksionizm siyosatini olib borayotgan bo‘lsalar-da (masalan AQSHning hozirgi hukumati), amalda dunyo iqtisodiyotida globallashuv jarayoni sekinlashgani yo‘q. Dunyo bozorida katta o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning, balki butun mintaqamizning ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishlarini talab etadi. Dunyo hamjamiyatida mavqei o‘sib borayotgan Xitoy, Hindiston kabi davlatlarning global iqtisoddagi o‘rni ham oshmoqda. Mintaqamizning Osiyoni Yevropa bilan bog‘lagan muhim transport karidorining markazida ekanligi biz uchun ham chorlov va ham imkoniyat bo‘lib hisoblanadi. Bir Makon — Bir Yo‘l kabi loyihalar hamkorlar bilan birgalikda infratuzilmamizni yaxshilashga, transport va logistikaga aloqador bir qancha sohalarni rivojlantirishga imkoniyat, shu bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatbardoshlikni oshirish yo‘lida sinov bo‘ladi.

O‘zbekistonning tranzit davlati sifatidagi o‘rni

Respublikamiz mintaqamizdagi eng yaxshi transport infratuzilmasiga ega. Davlatimiz hududidan 42530 km avtoyo‘l, 4500 km temir yo‘li (har 10000 km ga 150 km) o‘tadi va mamlakatimizni mintaqaning muhim transport koridorlariga ulaydi. O‘zbekistonning tranzit davlati sifatida ayniqsa Afg‘oniston Islom Respublikasiga (Trans-Afg‘on xalqaro transport karidori) kirish va Afg‘oniston orqali Bandar Abbos va Chobahor portlariga chiqish imkoniyati Tojikiston Respublikasiga kirishi muhim hisoblanadi. Mohiyati yildan yilga ortib borayotgan Andijon- O‘sh — Saritosh — Irkeshtom — Qashqar koridori dunyo tarixidagi eng buyuk loyihalardan bo‘lgan va Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan taklif qilingan «Bir makon — bir yo‘l» (Belt and Road Initiative — BRI) da munosib qatnashish uchun va Xitoyni mamlakatimiz hududidan o‘tuvchi yo‘llar orqali boshqa mintaqalar bilan bog‘lash xizmat qiladi. Xitoyning TIR konvensiyasiga qo‘shilishi, Qirg‘iziston orqali Xitoydan O‘zbekistonga avtotransport orqali amalga oshirilgan ilk transport tranzit davlati sifatidagi potensialimiz yuqoriligidan dalolatdir. Bu potensialdan foydalangan holda Turkmaniston orqali Eron va Turkiyaga, Kavkaz davlatlariga, Bojxona Ittifoqi davlatlari orqali Yevropaga chiqishimiz mumkin. Bu imkoniyatlar ayniqsa iqtisodimiz uchun bevosita va bilvosita ishlab chiqarish, transport, infratuzilma, turizm sohalarida minglab ish o‘rinlari yaratishi mumkin.

LPI ni yaxshilash uchun qanday qadamlar qo‘yilishi kerak?

LPIni yaxshilash uchun soha mutaxassislari bilan birlashib, alohida qismlardan iborat yagona (aviatashuvlar, avtotashuvlar, temir yo‘li tashuvlari, omborxona xizmatlari) dastur ishlab chiqilishi kerak. Dastur sohaga kadrlar tayyorlash, mavjud kadrlarning malakasini oshirish, infratuzilmalarni yaxshilash kabi yo‘nalishlarda bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bojxona xizmatlarida IT qo‘llanilishi darajasini oshirish, bojxona va chegara postlaridagi jarayonlarni doimiy monitoring qilish, bojxona va soha vakillari bilan ochiq muloqot yaratish orqali paydo bo‘layotgan muammolarni tezkor hal qilish, ularning kelajakda takrorlanishining oldini olish kabi chora-tadbirlar o‘tkazilishi kerak.

Ishonchim komilki, mamlakatimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar logistika va transport sohasida ham yaqin kunlarda ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki o‘sib borayotgan iqtisodning yuki eng avvalo logistika tizimiga tushadi. Shunday ekan mamlakatimizning eksport salohiyatni oshirish, import xarajatlarini kamaytirish, mahalliy bozordagi transport xarajatlarini minimallashtirish va oqibatda xalqimiz farovonligini yanada oshirish aynan logistika samadorligiga bog‘liq.

Muallif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Mirjalol Fayziyev — 1988 yilda Navoiy viloyatining Qiziltepa shahrida tug‘ilgan. Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Zalsburg amaliy fanlar universiteti (Germaniya) bitiruvchisi. Zenit Spedition GmbH & CoKG kompaniyasining (Germaniya) MDHdagi loyihalar bo‘yicha bosh menejer lavozimida faoliyat ko‘rsatadi.