7 iyun kuni xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Janubiy Koreyaning KT kompaniyasi prezidenti Yu Yeng Park O‘zbekiston maktablarida o‘quv-kompyuter sinflarini tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzoladi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar qildi.

KT kompaniyasi «Maktab ta’limida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish» loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘ldi. Loyiha Koreya Respublikasining Eksport-import banki (Eksimbank) ajratgan 33 mln dollarlik kredit hisobiga moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida KT kompaniyasi 2766 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari sinflariga jami 2859 ta o‘quv-kompyuter yetkazib, o‘rnatib beradi. 2019 yil oxiriga qadar o‘quv-kompyuterlar 700 ga yaqin maktablarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

«Mazkur loyiha maktab o‘quvchilarining kompyuter savodxonligini oshirishga yordam berishini hamda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirish mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir», — deya ta’kidladi vazir.

Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi o‘quv dasturi, jumladan, axborot texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha dasturlarni qayta ko‘rib chiqmoqda.