O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi 21-iyun kuni chaqiriladi. Parlamentning yuqori palatasi kengashi 18-iyun kuni bu haqdagi qarorni qabul qildi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, yalpi majlis kun tartibidan yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida"gi, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida"gi, “Qurol to‘g‘risida"gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi O‘zbekiston qonunlari o‘rin olgan.

Yalpi majlisda Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senat a’zolari Istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasini muhokama qiladilar, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqadilar.