«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududida Angliya huquqini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan adliya vaziri Ruslanbek Davletov Buyuk Britaniya Adliya vazirligidagi uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Delegatsiyani qabul qilgan lord kansler va Buyuk Britaniya adliya vaziri Devid Gauk O‘zbekistonda Angliya huquqini joriy etishda ekspert ko‘magini ko‘rsatish hamda ushbu sohada Adliya vazirligi xodimlarini o‘qitishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Angliya huquqi pretsedentlarga (o‘zidan keyin sodir bo‘ladigan xuddi shu turdagi voqealarga namuna, o‘rnak bo‘la oladigan voqea hodisa) asoslanadi va sudlar tomonidan yaratiladi. Sudyalar eshituv jarayonida har bir sud ishida dalillar va holatlarga yuridik pretsedentlarni qo‘llaydi. Xalqaro biznes sudlarga maqbul yondashuvlar, vositalar va tamoyillarni taqdim etuvchi Angliya huquqidan foydalanadi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida yaqin yuridik aloqalarni o‘rnatish uchun O‘zbekiston-Britaniya huquq assotsiatsiyasini tashkil etish masalalarini ham muhokama qildi. Ruslanbek Davletov Toshkentda qo‘shma English Law Week (Ingliz huquq haftasi) haftaligini o‘tkazishni taklif qildi. Devid Gauk mazkur tashabbusni iliq qarshi oldi.