O‘zbekiston uzunligi qariyb 200 km, umumiy qiymati esa 110 mln dollar bo‘lgan «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasiga 45 million dollar ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov dushanba kuni Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida mamlakat ijro hukumati rahbari Abdulla Abdulla bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar berdi TOLOnews.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni ham muhokama qildi.
Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qishloq xo‘jaligi, savdo, energetika va temir yo‘llar tashuvi sohasida yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Afg‘oniston hukumati rahbari Abdulla Abdulla ikki tomonlama savdo munosabatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirishga ishonch bildirdi.
U o‘z mamlakati o‘zbek sarmoyadorlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga kirishganini ta’kidlab, bunday sharoitlar O‘zbekistondagi afg‘on investorlariga ham taqdim etilishidan umid bildirdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi orqali 10 yil muddatga «ol yoki to‘la» tamoyili bo‘yicha elektr energiyasini yetkazib berish shartnomasini imzolagani xabar қилинганэди. Mazkur tamoyil Osiyo taraqqiyot bankining loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha shartlaridan biri bo‘lib, agarda Afg‘onistonning Surxondaryo elektr energiyasiga ehtiyoji qolmagan taqdirda ham shartnoma bo‘yicha baribir pul to‘lashga majbur bo‘lishini anglatadi.