Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev O‘zAga bergan intervyusida hududdagi rahbarlar yo‘l qo‘ygan xatolar hamda ularning xalqdan uzilib qolganini tan oldi. Viloyat inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq bir qator hodisalar (Kasbi tumanida IIB boshlig‘ining fermerlarni kishanlab, avtobusga qamab qo‘ygani, Yakkabog‘ tumanida tadbirkorning do‘konini buzishga harakat qilgan hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgani va boshqalar) ortidan O‘zbekiston va xorij OAVlari diqqat markaziga tushib qolgan edi.

«Bizdan ham xatolik o‘tdi. Avvalo, biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz, xalqdan uzilib, manman bo‘lib ketgan ekanmiz. Bugun zamon o‘zgardi. Muhtaram Prezidentimiz katta islohotlarni boshladilar, bugun xalqning ichiga kirib, har bir oilaning dardini tinglab, uning muammosini o‘zimning muammom deb ishlashimiz kerak. Afsuski, hamma rahbar ham buni hali to‘la anglab yetgani yo‘q. Yakkabog‘ tumani hokimining o‘rinbosari ham o‘zining vakolatiga kirmaydigan ishni qilgan», — dedi Zafar Ro‘ziyev.

«Bunaqa paytda xalqning oldiga kamida tuman hokimi kelib, bo‘ladigan ishlarni o‘zi tushuntirishi kerak edi. Ular anglata olmasa, viloyat hokimi, men kelishim kerak edi. Xalq tuman va viloyat hokimiga ishonadi, o‘rinbosarlar yo boshqa idora rahbarlariga emas», — dedi u.

«Tadbirkorning korxonasi buzilmaydi, qaytanga u ta’mirlab, chiroyli qilib berilayapti, tadbirkorlik ishi davom etadi, — dedi viloyat hokimi. — Ammo shuni aytishim lozim-ki, biz qonun ustuvor davlatda yashaymiz, qonun oldida hamma barobar, ehtirosga berilib, qonundan tashqari hatti-harakatlar sodir qilgani uchun tadbirkor ham qonun oldida javob beradi».

Tuman hokimi o‘rinbosari hayotiga su’iqasd qilishda ayblanayotgan bino egasi Bahriddin Isomov sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tish uchun Toshkentga yuborilgan. Hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev esa shifoxonada davolanmoqda.