2019 yil 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Qarorga muvofiq, sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Qarorga ko‘ra:
sug‘urtalovchilarning ustav kapitali minimal miqdorlari 2020−2022 yillarda bosqichma-bosqich oshiriladi;
daromadlarning 20 foizigacha miqdoridagi ajratmalar hisobiga shakllantiriladigan sug‘urta tashkiloti zaxira jamg‘armasining cheklangan miqdori sug‘urta tashkiloti ustav fondining 50 foizigacha oshiriladi;
sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni («Ye-polis») rasmiylashtirish mexanizmi joriy etiladi.
2020 yil 1 yanvardan:
yuridik shaxslar — sug‘urta brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi;
sug‘urta tashkilotining boshqa sug‘urta tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
sug‘urta zaxiralarining minimal darajasi belgilanadi.
Jismoniy shaxslar daromadlarining hayotni sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun yo‘naltiriladigan qismi yuzasidan soliq imtiyozlari quyidagi shartlarda qo‘llaniladi:
sug‘urta summasi shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng bir yo‘la to‘langanda;
renta to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng boshlanganda;
rentani to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan 12 oy o‘tmasdan boshlanganda.
2020/2021 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining «Sug‘urta ishi» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki bo‘limlarga test sinovlari o‘tkazilmasdan, belgilangan qabul kvotalaridan tashqari pulli-kontrakt asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.