Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Rishtonda aholi bilan uchrashib, ulardan uzr so‘radi. Viloyat rahbarining aholi bilan uchrashuvi tasvirlangan videolavha Xalqaro press-klub tomonidan ommaga e’lon qilindi.

Murojaatni viloyat hokimi Rishton tumanida bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik, qurilish-ta’mirlash ishlarida katta-yu kichik, yoshu qari o‘z hissasini qo‘shayotgani, ko‘chada bo‘layotgan ishlarga yordam berayotganini ta’kidlash bilan boshladi.

«Ochig‘ini aytaman, xato bo‘ldi. Xatoga yo‘l qo‘yganlarni aytaman, ularga nima bo‘lganini ham aytaman. Albatta, birinchi navbatda mening o‘zim, viloyat hokimi lavozimida ishlayotgan inson sifatida ham bu xatoda aybim bor. Biz qilgan xato respublikamizning, davlatimizning obro‘siga, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi prezidentining biz uchun olib borayotgan islohotlariga, xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun ishlashi kerak, degan g‘oyalariga, obro‘lariga hech qanday putur yetkazmasligi kerak», — dedi Shuhrat G‘aniyev.

Tuman markazidagi dehqon bozori qurilishi bilan bog‘liq xatolarga O‘zbekiston prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi obro‘sining hech qanday aloqasi yo‘q. Xatoga, kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlar rahbarlar, bu — viloyat hokimidan boshlab, tuman rahbarlarigacha. Shuni ajratib olaylik, dedi viloyat rahbari.

«Sizlardan qattiq iltimos, hammadan uzr so‘rab kechirim so‘rayman, shaxsan viloyat hokimi sifatida. Rahbarlar qanday xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, mahalliy hokimiyat vakillari, yer-kadastr idorasi vakillari, davlat soliq inspeksiyasi vakillari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari qanday xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, sizlar bilan qanday qo‘pol muomalada bo‘lgan bo‘lsa, viloyat hokimi sifatida bo‘yin egib, ta’zim qilib jamoatchilikdan uzr so‘rayman», — deya uzr so‘radi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev.

O‘zbekistonda hech kimga, u viloyat hokimi bo‘ladimi, tuman hokimi bo‘ladimi, hech kimga bir insonning qalbiga ozor yetkazish vakolati berilmagan. Shuning uchun, bilib-bilmay xato qilganlarga chora ko‘rildi, — deya ma’lum qildi hokim.

Shundan so‘ng Rishton bozorining buzilishiga oid masalaga to‘xtalib o‘tgan viloyat rahbari bozorni yanada ko‘rkamroq qilish bo‘yicha loyiha tayyorlangani, hokimlikka taklif bergan idoralar loyihani tayyorlashda xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidladi.

«Xatoga yo‘l qo‘yganlardan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i tegishli jazosini oldi, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Tuman hokimi o‘rtoq Rahimov lavozimidan olindi, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Dilmurod Soliyev lavozimidan ozod etildi, tuman hokimi o‘rinbosari, qurilish-kommunikatsiyaga javobgar bo‘lgan Sodiqjon Haydarov, tuman yer-kadastr bo‘limi boshlig‘i Mamadaliyev ishdan olindi, tuman soliq inspeksiyasi rahbarlari, umuman, bozordagi ishlarga, tumandagi ishlarga javobgar bo‘lgan jami 14 kishi odamlarga mensimasdan munosabatda bo‘lgani, bosh rejani mensimagani, shu yerda tirikchilik qilib turgan odamlarni o‘ylamagani egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — dedi Shuhrat G‘aniyev.

«Viloyat hokimi sifatida o‘z vaqtida yetib borishim kerak edi. Lekin, iltimos qilaman, bu qurilish-bunyodkorlik ishlari O‘zbekiston respublikasi, Farg‘ona viloyati obro‘siga ta’sir qilmasligi, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan xorijlik investorlarning ishonchi yo‘qolishiga olib kelmasligi kerak. Shuning uchun barchamiz rishtonliklardan kechirim so‘raymiz», — deya xaqldan uzr so‘radi viloyati hokimi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda butun respublikada ko‘chmas mulklarning buzilishiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga internet orqali xalqqa murojaat qilib, uzr so‘rashni topshirgan edi.