Jizzaxda yashovchi ayol o‘z qudasi va yana bir kishidan firibgarlik yo‘li bilan pul olgani sababli javobgarlikka tortildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi Rahmatulla Orziqulov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Sharifa Salimova (ism-familiyalar o‘zgartirildi) Jizzax shahrida nufuzli muassasalarning birida hisobchi vazifasida faoliyat yuritardi. Oilali, ikki nafar farzandning onasi Sh. Salimova tanish-bilishlarining nazarida halol, rostgo‘y ayol edi.

Ko‘pchilik, ayniqsa, qarindosh-urug‘lar, quda-andalar Sharifani tanish-bilishi ko‘p, qo‘lidan ancha-muncha ish keladi, deb o‘ylardi.

Xalqimiz opaning qudasi singilga ham quda bo‘ladi, deb aytadi. Chunki o‘rtada jiyan bor. Et bilan tirnoqni esa, bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.

O‘shanda 2016 yilning ayni yoz chillasi edi. Sh. Salimovaning uyiga opasi Zarnigorning qudasi Elmurod Sobirov oilasi bilan mehmon bo‘lib keladi. Mehmondorchilik chog‘ida o‘zaro suhbat ish masalasiga borib taqaladi. Shunda Sharifa Salimova Koreya davlatiga ishlash uchun odam jo‘natayotganini aytib qoladi. Aslida u yolg‘on gapirgan edi.

Buni qarangki, quda bo‘lmish E. Sobirov o‘g‘li Dostonga oylik maoshi yaxshi ish izlayotgandi. Shuning uchun u Sh. Salimovaning gapini eshitib, birdan jonlanib qoladi va o‘g‘lini xorijga ishga yuborishga yordam berishni iltimos qiladi.

— Albatta, birinchi navbatda, sizlarga yordam qilaman, quda buva, — deydi Sh. Salimova. — Axir, qadimgilar «Qudachilik — ming yilchilik» deb bejizga aytishmagan.

E. Sobirov Sh. Salimovaning bu gaplarini eshitib, shunday oqibatli odamlar bilan quda bo‘lganiga ich-ichidan quvonadi.

— Hurmatingiz bor, — gapida davom etadi Sh. Salimova. — O‘g‘lingizni xorijga ishga imtihonsiz o‘tkazaman. Ko‘pchilikning ishga borolmayotgani ana shu imtihon degan balodan o‘tolmayotganida. Faqat 7 ming AQSH dollari miqdori xarajati bor…

Bunday katta miqdordagi pulni eshitib E. Sobirov o‘ylanib qoladi.

Birozdan keyin esa, buncha puli yo‘qligini aytdi.

— Noumid bo‘lmang, — qiyin vaziyatdan chiqaradi Sh. Salimova. — Hozircha yarmini bersangiz bo‘ladi. Qolganini o‘g‘lingiz xorijga yetib olgach, berarsiz…

Ertasi kuni E. Sobirov uyidagilar bilan maslahatlashib, Dostonni ergashtirgancha Sh. Salimovaning xonadoniga keladi. U uzatgan 3 ming 500 AQSH dollarini sanab olgan Sh. Salimova uzog‘i bilan oktyabr oyiga qadar Dostonni xorijga ishga jo‘natishga va’da beradi.

Dostonning xorijga ishga ketayotgani haqidagi xabarni eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar ham taraddudga tushib qolishadi. Masalan, X. Nuraliyeva xorijga ishga jo‘natayotgan opa haqida so‘rab-surishtiradi. Begona emas, qo‘shnining qudasi ekanligini eshitib, ko‘nglida umid uchqunlari paydo bo‘ladi. Qaynukasi Olimjonni xorijga yuborish niyatida ekanligini aytib, Sharifa Salimovaning uy manzilini so‘raydi. Elmurod Sobirovning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Xadicha Nuraliyevani Sh. Salimova bilan uchrashtirishga va’da beradi.

Qisqasi, Xadichaning gaplarini tinglarkan, Sh. Salimova ich-ichidan quvonib ketadi. Qudasining o‘g‘li Dostonni ham boshqalar qatori 7 ming AQSH dollari evaziga xorijga ishga jo‘natayotgani, buning uchun hozircha ulardan 3 ming 500 AQSH dollari olganini aytadi.

Xadicha o‘zi bilan olib kelgan 5 ming AQSH dollarini uning qo‘liga tutqazadi. Qolgan 2 ming AQSH dollarini Koreyaga jo‘nash arafasida berishini aytadi. O‘z navbatida, Sh. Salimova Olimjonni dekabr oyida xorijga, daromadli ishga yuborishga quyuq va’da beradi.

Vaqt juda tez o‘tadi. E. Sobirovga aytilgan oktyabr, X. Nuraliyevaga va’da qilingan dekabr oyi ham yetib keladi. Undan keyin oylar bir-birini quvlab, yil o‘tadi. Biroq Doston va Olimjonning xorijga borish orzusi orzuligicha qolib ketadi. Sh. Salimova esa, hali-hanuz o‘z so‘zining ustidan chiqishini takrorlashdan charchamasdi. Biroq har bir narsaning ham oxiri bor. Keyinchalik Sh. Salimova jabrlanuvchilarga uyini sotmoqchi ekani, pulni o‘shanda qaytarib berishni aytib, ularni tinchlantirishga urinadi. Afsuski, bu ham bir bahona edi, uy sotilmaydi.

Bitmagan ishga pul sarflansa, qiyin bo‘larkan. Yana deng, qo‘l qo‘lni taniydi. Sh. Salimovaga pulni Elmurod bilan Xadichaning o‘zlari berishgan. Shuning uchun ular Sh. Salimovaning uyiga pulni qaytarishni so‘rab, qatnayverishadi. Sh. Salimova esa, bora-bora bundan bezadi. Ularni ko‘rsa, qovoq soladigan, jahllanadigan bo‘lib qoladi.

Xullas, keyinchalik Sh. Salimova jabrlanuvchilarga pulni qaytarmasligini ochiqdan-ochiq aytadi. Shundan keyin E. Sobirov bilan X. Nuraliyeva ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat qilishadi.

Sud sudlanuvchi Sh. Salimovaga oid jinoyat ishini ochiq sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqdi. Sh. Salimovaga jazo tayinlash masalasiga to‘xtalganda, shuni aytish kerakki, Jinoyat kodeksining 168-moddasiga 2016 yilning 26 dekabrida o‘zgartish kiritilgan. Unga ko‘ra, takroran o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish nazarda tutilgan.

Sudlanuvchi Sh. Salimova tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyati 2016 yil iyun oyida ro‘y bergan. Bu paytda amalda bo‘lgan qonunga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etganlik uchun sudlanuvchiga nisbatan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Sud yuqorida keltirilgan qonun talablariga ko‘ra, tergov organi tomonidan Sh. Salimovaning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining (eski tahrirdagi) 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan deb topdi.

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda jazoni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni inobatga oldi. Sh. Salimovaning ikki nafar farzandi borligi, ulardan biri nogiron ekanligi, qilmishidan pushaymon ekani, Jizzax shahar xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan unga nisbatan yengil jazo tayinlash to‘g‘risida fikr bildirilgani e’tiborda tutilib, Sh. Salimovaga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud tomonidan Sh. Salimova ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, ana shu tayinlangan jazoning qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirish to‘g‘risida ogohlantirildi. Sud hukmi bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudining bankdagi hisob raqamiga topshirilgan 10 million so‘mning 5 million so‘mi jabrlanuvchi X. Nuraliyevaga, qolgan 5 million so‘mi esa, jabrlanuvchi E. Sobirovga qaytarildi. Shuningdek, Sh. Salimovadan X. Nuraliyeva foydasiga 36 million 500 ming so‘m, E. Sobirov foydasiga 24 million 50 ming so‘m undiriladigan bo‘ldi.

Mulohaza qilib qaraganda, ayol qudaning firibi yaxshilik bilan yakun topmadi. Jinoyat ko‘chasiga kirgan Sh. Salimova o‘zgalarni aldab, ishonchini suiiste’mol qilgani bilan hech narsaga erisholmadi. O‘rtada qudachilikdek milliy qadriyatni poymol etgani, qarindoshlar o‘rtasiga sovuqchilik tushgani, qilmishiga yarasha jazo olgani qoldi, xolos.