O‘tgan yili Toshkent havosi 426 tonna zaharli gazlar bilan ifloslantirilgan. Bunda avtotransport vositalari 395 tonna yoki 90 foizlik ulushga egalik qilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.
O‘zbekiston bo‘yicha 2018 yilda atmosferaga 2 million 449 ming tonna zaharli gazlar chiqarilgan bo‘lsa, ularning 60 foizi avtotransport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi va bu rivojlangan davlatlarda belgilangan standartlardan 3 baravar ko‘p demakdir.
So‘nggi 10 yil ichida atmosfera eng kam ifloslangan shaharlar ichida Denov, Qo‘qon, Guliston, Samarqand, Sariosiyo shaharlari qayd etilgan bo‘lsa, eng yomon ko‘rsatkich Olmaliq, Angren, Buxoroda kuzatildi.
Shahar havosini, jumladan dioksid azot bilan ifloslantirishda shahar transporti asosiy manba hisoblanadi. Mamlakatda 2 milliondan ziyod avtotransport ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 450 mingi Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi. Shaharga har yili boshqa viloyatlar va davlatlardan 50 mingga yaqin avtomobil kirib keladi.
Poytaxtdagi avtotransport vositalarining 75 foizi benzin va dizel yoqilg‘isi, 25 foizi gazda harakatlanadi. Bir tonna dizel yoqilg‘isi yonganda atmosferaga 208 kg ifloslantiruvchi moddalar chiqariladi, bu ko‘rsatkich gazda 3 baravar kamroqni tashkil etadi.
Avtotransport vositalari atmosferaga 200 dan ortiq zararli moddalar, jumladan uglerod, aldegidlar, qurum, azot oksidlari chiqariladi. Atmosferaning odamlar nafas oladigan yer usti qatlamlarida to‘plangan ushbu moddalar ultrabinafsha nurlar ta’sirida reaksiyaga kirishib, yanada zararli birikmalarni hosil qiladi.
Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda atmosferaga chiqarilgan umumiy moddalarning 36,2 foizi sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sanoat ob’ektlarining aksariyati — 37,9 foizi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.