Xonoboddan Mo‘ynoq sari yayov yo‘lga chiqqan Sohib Rajabov 70 kun deganda qadimiy Buxoro shahriga yetib keldi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

— Safardan ko‘zlagan asosiy maqsadim O‘zbekistonning tinch va osoyishta, xavfsiz yurt ekanligini, xalqimizning mehmondo‘stligi, bag‘rikengligini butun dunyoga ko‘rsatish, — deydi u. — Yo‘l-yo‘lakay Vatanimizning betakror manzaralari, qadimiy obidalari, osori-atiqalarini suratga tushiryapman. Ularni ham zamonaviy aloqa vositalari orqali butun dunyoga namoyish etish niyatidaman. Navoiydan Buxoro tomon yo‘l olganimda bir umr yodimda qoladigan ko‘plab manzaralarga duch keldim. Masalan, yo‘l yoqasidagi sardoba o‘zining me’moriy tuzilishi bilan meni maftun etib qo‘ydi. Uning yonidagi bozorda bo‘ldim. Ishonasizmi, o‘zimni xuddi o‘rta asrlarga tushib qolgandek his etdim. Mening holatimni faqatgina yuzlab chaqirim yo‘lni piyoda bosib kelgan kishigina to‘liq tasavvur eta olishi mumkin.

Qayerda bo‘lmay, meni vatandoshlarimiz iliq qarshi olishmoqda. Keksalarimiz «Safaringiz bexatar bo‘lsin», deya duo qilib qolishyapti. Meni hatto eng chekka qishloqlarda yashovchilar ham tanib qolishibdi.

Sohibjon Buxoro safarini tugatib, Gazli shahri tomon yo‘l oladi. Gazlidan to Nukusga qadar bo‘lgan 450 kilometr yo‘lni bosib o‘tadi. Xonoboddan to Mo‘ynoqqa qadar jami 2,5 ming kilometr masofa bor. Hozir bir ming 400 kilometr masofa ortda qoldi.