Adliya vazirining 13 sentyabrdagi buyrug‘i bilan 716 turdagi (avval — 693 ta) davlat xizmatlarini o‘z ichiga olgan Davlat xizmatlari yagona reyestrining yangi tahriri tasdiqlandi.
Norma.uz xabariga ko‘ra, reyestrga quyidagi yangi pozitsiyalar kiritilgan:
- o‘zini o‘zi band qilganlarga vaqtinchalik guvohnomasi berish;
- bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan subsidiya va grantlap ajratish;
- xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish, shuningdek ularni Xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish;
- tabiiy gazni hisobga olish priborini (hisoblagich) plombalash;
- xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish;
- alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash;
- OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash;
- OTMning sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish uchun hujjatlarni qabul qilish;
- xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish uchun elektron ariza yuborish;
- bolalarni ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chalariga qabul qilish;
- gerb tasviri tushirilgan muhrlarni yasatish huquqini beruvchi ruxsatnoma berish;
- IIOning xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish;
- fuqarolarning xorijga chiqishi uchun biometrik pasport berish va boshqalar.
Yangi davlat xizmatlari turlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.