2019 yilning 16 sentyabr kuni «Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.
Qaror bilan xomashyoni qayta ishlash asosida bozor talablariga mos to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishning 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan:
bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni olib chiqishda eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida;
eksport qilinadigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSH dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
2020 yil 1 yanvardan:
yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi;
to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va mo‘ynachilik korxonalarining foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish bo‘yicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi;
chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
«O‘zto‘qimachiliksanoat» va «O‘zcharmsanoat» uyushmalarining xorijiy konsultantlari O‘zbekiston Respublikasidagi daromad manbalari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida to‘laydi.