Toshkentning «Paxtakor» klubi futol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi yakunlarishiga olti tur qolganda o‘n ikkinchi marta chempion bo‘ldi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar qildi.

20-turda «Paxtakor» «Metallurg»ni 2:1 hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi. Poytaxt jamoasi 26-daqiqada hisobni ochdi. Hamdamovning zarbasidan keyin to‘p Otaxonovga tekkan holda darvozadan o‘rin oldi. Mezbonlardan Usmonovning bosh bilan yo‘llagan aniq zarbasidan so‘ng Quvvatov mahorat ko‘rsatib, to‘pni qaytarib yubordi.

Ikkinchi bo‘limda faolroq o‘ynagan mezbonlar 77-daqiqada muvozanatni tiklashdi. Jarima zarbasidan keyin Abdullayev hisobni tenglashtirdi. Oradan bir daqiqa o‘tmasdan Krimetsning ajoyib uzatmasidan Hamdamov unumli foydalanib, birga-bir vaziyatda Lobanovni dog‘da qoldirdi — 1:2. Ushbu natijani saqlab qolgan «Paxtakor» 12-marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.

Ushbu uchrashuvdan so‘ng «Paxtakor» 56 ochko bilan Toshkentning «Lokomotiv» (37) hamda «Bunyodkor» (34) jamoalarini ortda qoldirib, muddatidan avval chempion bo‘ldi. Payshanba kuni «Paxtakor» Qarshining «Nasaf» jamoasi bilan O‘zbekiston Kubogi uchun o‘ynaydi.

Ushbu mavsumda chempionatda 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Turning o‘zi ikki davrada o‘tkazilib, jamoalar jami 26 ta o‘yin o‘tkazadi.