O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab yoqimli ob-havo hukmronlik qiladi. Havo harorati kechasi +10…+15, kunduzi — +24…+29 daraja atrofida, ya’ni ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqin bo‘ladi. Bu muddatda yog‘ingarchiliklar kutilayotgani yo‘q.

Sinoptiklarning dunyo prognoz markazlari ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, oktyabrda harorat ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqin bo‘ladi, ayrim joylarda me’yordan 1−1,5 daraja past bo‘ladi. Birinchi dekadada harorat kechasi +8…+13, kunduzi — +20…+25 daraja atrofida. Ikkinchi va uchinchi dekadada kechasi +7…+12 dan +2…+7 gacha, kunduzi esa +20…+25 dan +12…+17 gachani tashkil etadi.

Oktyabr oyida yog‘ingarchiliklar miqdori ham ko‘p yillik o‘rtacha me’yorga yaqin, ayrim joylarda esa ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining ayrim joylarida 2−10 mm, respublikaning qolgan hududlarida 15−30 mm, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida esa 44−74 mm atrofida bo‘ladi.