Toshkent metropolitening Sergeli yer usti tarmog‘ini kelgusi yil Navro‘z bayrami (21 mart) arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi bosh menejeri, bosh muhandisi Zafar Maxamatov ma’lum qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni tarmoq qurilishi jarayoni bilan tanishdi.
Uzunligi 7,1 km bo‘lgan yangi tarmoqda 6 ta bekat mavjud bo‘ladi va ular Sergeli tumanini markaz hamda Toshkentning boshqa tumanlari bilan bog‘laydi. Chilonzor yo‘nalishining «Olmazor» bekati bilan bog‘lanishi natijasida Sergelidan oxirgi «Buyuk ipak yo‘li» (kelajakda — TTZgacha) bekatigacha boshqa ulovga chiqishga hojat qolmaydi.
Loyihaning umumiy qiymati 82,6 mln dollarni tashkil etib, uning 47,5 mln dollardan ziyodrog‘i davlat g‘aznasidan, 35 mln dollari esa O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladi. Bugungi vaqtga qadar 42,5 mln dollarga yaqini o‘zlashtirildi.
Loyiha bosh muhandisi Sunnat Jumaboyevning («Boshtransloyiha» institutidan) Sergeli yo‘nalishidagi barcha bekatlar to‘qqiz balgacha kuchdagi zilzilar sodir bo‘ladigan hududda joylashgan bo‘lib, loyihalashtirish davrida bu ham hisobga olingan.
Yangi tarmoqdagi bekatlar «Choshtepa», «Toshkent halqa yo‘li», «Sergeli», «Afrosiyob», «Qipchoq» va «Chinor» deb nomlanadi.
Xuddi shu kuni prezident metroning Yunusobod yo‘nalishi ikkinchi bosqichi bilan ham tanishdi.