Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Tutli qishlog‘ida uy sharoitida konserva qilingan pomidordan zaharlangan yetti kishilik oilaning ikki a’zosi vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shu yilning 18 noyabr kuni soat taxminan 08.00 atrofida mazkur oila boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i Yu.U. vafot etdi.
20 noyabr kuni 09:30 da katta o‘g‘il A. T. (2006 yilda tug‘ilgan) ham hayotdan ko‘z yumdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga «Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi» tashxisi qo‘yilgan edi.
«Ayni paytda oilaning qolgan to‘rt nafar a’zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli», — deyiladi SSV xabarida.