Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsulxonalari qoshida tashkil etilgan saylov uchastkalari ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan uchastkalar manzillari va bog‘lanish uchun ma’lumotlar ham joy olgan.

Bu kabi uchastkalar soni 53 tani tashkil etadi. Ularning eng ko‘pi Rossiyada — Vladivostok, Yekaterinburg, Novosibirsk, Rostov-na-Donu, Sankt-Peterburg, Qozondagi bosh konsulxonalar va Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida joylashgan.

Qozog‘istonda uchta saylov uchastkasi ochilmoqda — Olma Ota va Oqtovdagi bosh konsulxonalar hamda Nur-Sultondagi elchixonada.

AQSHda ikkita uchastka ochilmoqda — Nyu-Yorkdagi bosh konsulxona va Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasida.

Eslatib o‘tamiz, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida konsullik hisobidan turish-turmasligidan qat’i nazar ovoz berishlari mumkin.

Xorijdagi fuqaro saylovchilar ro‘yxatiga kirish uchun saylov uchastkasiga yozma murojaat qilishi yoki saylovga 15 kun qolgungacha muddatda TIV rasmiy sayti orqali saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi elektron arizani saylov uchastkasi komissiyasiga yuborishi lozim. Buning uchun familiya, ism va sharifi, tug‘ilgan sana, O‘zbekistondagi eng oxirgi doimiy yashash joyi, xorijdagi yashash manzili, telefon raqami va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini ko‘rsatib o‘tish talab qilinadi.