Vazirliklar, idoralar va boshqa budjet tashkilotlari tasarrufidagi budjetdan tashqari jamg‘armalar O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiritiladi. Bu haqda shanba kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev vazirlik va idoralarga ajratilgan budjet mablag‘larining bir qismini maxsus jamg‘armalarga o‘tkazishga ruxsat berilganiga e’tibor qaratdi. Shuni inobatga olib, ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqish zarur, dedi u.

Davlat budjeti respublika va mahalliy budjetlarni o‘z ichiga oladi hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini o‘z tarkibida konsolidatsiya qiladi. 2020-yil 1-iyulgacha vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari tasarrufidagi barcha jamg‘armalar ham budjet tarkibiga kiritilishi kutilmoqda.

“Barcha vazirliklarning jamg‘armalari budjetda konsolidatsiya qilinishi kerak. Bu yil biz 17 ta shunday jamg‘armani [budjet tarkibiga] kiritdik. Vazirlik va idoralar qoshida tashkil etilgan jamg‘armalarni kirita olmadik. To‘g‘risini aytsam, jismonan ulgurmadik”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Moliya vaziri vazirliklar va boshqa budjet tashkilotlari huzuridagi jamg‘armalar butun dunyoda mavjud ekanini, biroq ularning barchasi “shaffof va ochiq” ekanini aytdi.

“Birinchidan, daromadlar aniqlashtirilgan. Keyin esa ularni qaysi sohalarga sarflash mumkinligi aniq ko‘rsatilgan. Bu AQShda ham, Rossiyada ham va boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Jamg‘armalar [faoliyati] juda cheklangan”, — dedi vazir.

“Bu yerda bir qancha hurmatli vazirlar o‘tirishibdi, bu ularga biroz yoqmasa ham ochiq aytaman: ular „bu bizning pulimiz, ularni biz topyapmiz-ku“, deb hisoblashadi. Ular bu pulni istagan yo‘nalishida sarflayapti, demayman, lekin belgilangan me’yorga nisbatan erkinroq sarflayapti”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Bosh vazir o‘rinbosari vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larini sarflash bo‘yicha yondashuvini noto‘g‘ri deb hisoblashini aytdi: “Xafa bo‘lishsa ham, birinchidan, bu pulni dalada ketmon chopib topishayotgani yo‘q. Ikkinchidan, ular davlat binosida o‘tirib pul topishadi”.

“Ular shunga o‘xshash hech narsa qilishmagan, shunchaki to‘lovlarni qabul qilishadi va bo‘ldi”, — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov hukumat mablag‘larni sarflash samaradorligini oshirish va budjet intizomini ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganini alohida ta’kidladi. “Umid qilamanki, biz buni tartibga solamiz”, — dedi u.

Avvalroq moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov budjetni konsolidatsiya qilish rejalari haqida ma’lum qilgandi. Mart oyida u davlat budjetiga taalluqli barcha tahdid va xatarlarni to‘liq baholash maqsadida uning “yaxlitligi”ni takomillashtirish, ya’ni vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari tasarrufidagi barcha jamg‘armalarni davlat budjeti tarkibida birlashtirish ko‘zda tutilganini ta’kidlagandi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlaridan olingan kreditlar va ular bo‘yicha xarajatlarni budjetda aks ettirish tavsiya etilgandi. “Bu budjetning shaffofligini yanada oshiradi”, — degandi Ahadbek Haydarov.

Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov Moliya vazirligi budjet xarajatlari — davlat budjeti, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini “qat’iy nazoratga olishini” ta’kidlagandi.