Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida sudlanuvchilar Samarqand hokimining sobiq o‘rinbosari, viloyat bosh arxitekori lavozimida ishlaydigan Bobir Elmuradov (1983 y. t.), Afrosiyob Stroy Servis kompaniyasi rahbari Kamoliddin Shukurov (1977), «Dilshod Ta’mir Dizayn» xususiy korxonada bosh muhandis lavozimida ishlaydi, «Kapital qurilish direksiyasi» davlat korxonasining sobiq rahbari Temur Xalikulov (1960)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, mazkur ochiq sud jarayoni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Zarifa Axmedova raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat ishi Samarqandda 26 ta noqonuniy qurilgan uyni buzish bo‘yicha 7,5 mlrd so‘m iqdoridagi tovon pulining to‘lanishi bilan bog‘liq.

Bobir Elmuradov 2017 yil 3 oktyabrdan 2019 yilning 12 martiga qadar Samarqand hokimining sanoat, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan hamda shaharda qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya etilishiga javobgar hisoblangan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi «2017−2019 yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori 10-bandi ijrosi yuzasidan Samarqand shahar hokimining 2017 yil 27 dekabrdagi 2158-Q-sonli qaroriga ko‘ra, Samarqand city turizm zonasini qurish maqsadida (sobiq «Alpomish» MCHJ hududidagi davlat zaxirasiga olingan) 13,84 ga yer maydoni ajratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 oktyabrdagi 01−02/1−856 sonli bayonida Samarkand city sayyohlik hududiga tutash hududdagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan turar va noturar-joy ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni belgilangan tartibda buzish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish belgilangan.

So‘ngra Samarqand shahar hokimining 2018 yil 1 noyabrdagi 2093-Q sonli «Samarqand shahrining sayyohlik potensiali va shaharsozlik konsepsiyasini rivojlantirish munosabati bilan turar va noturar-joy bino-inshootlarni buzishga ruxsat berish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Zebinisobegim ko‘chasi 58-manzildagi 26 ta xonadon buzilishga tushgan.

Mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi 26 ta xonadon egalarining uylari maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan Voluation baholovchi tashkiloti xulosasi asosida buzilishga tushgan 26 ta xonadonning umimiy qiymati 7,5 milliard so‘mga baholangan. Ushbu baholash xulosasi bo‘yicha Samarqand shahar Moliya bo‘limi tomonidan TIF Milliy bank Samarqand filialida 26 nafar fuqarolar nomiga ochilgan plastik karta hisob raqamlariga to‘lovlar to‘liq to‘lab berilgan, deya qayd etdi viloyat Qurilish bosh boshqarmasi «Gazeta.uz»ga.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Bobir Elmuradov o‘sha vaqtda Samarqand hokimi o‘rinbosari sifatida Zebinisobegim ko‘chasida Samarkand City turizm zonasi tashkil etilishini bilgan holda Afrosiyob Stroy Servis kompaniyasiga ikkita uch qavatli uy qurilishini to‘xtatish uchun zaruriy choralarni ko‘rmaganlikda ayblanmoqda.

Bundan tashqari, Bobir Elmuradov Zebinisobegim ko‘chasi aholisining turar joylar qurilishi to‘g‘risidagi shikoyatlari bo‘yicha 2018 yil 13 mart kuni mahalla faollari bilan uchrashib, turar joy qurilishi noqonuniy ekanini ta’kidlagan. Bino hujjatlarini maktabgacha tashkiloti sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, uning ijrosi Bobir Elmuradovning o‘ziga topshiriladi. Hokim o‘rinbosari raislik qilgan Samarqand shahar Ob’ektlarni foydalanishga topshirish davlat komissiyasi 2018 yil 6 iyunda turar joylar sifatida noqonuniy qurilgan binolarni qabul qilish to‘g‘risidagi aktni qabul qiladi, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qaroriga ko‘ra noqonuniy qurilgan inshootlar uchun tovon puli to‘lanmaydi. Shunga qaramasdan, Bobir Elmuradov Zebinisobegim ko‘chasidagi uylarda yashovchi aholiga 7 mlrd 555 mln so‘m miqdorida tovon puli to‘lash to‘g‘risidagi hujjatlarga imzo chekadi.

Samarqand hokimining buyrug‘i asosida Afrosiyob Stroy Servis kompaniyasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi 18 nafar fuqaroni ular yashayotgan eski uylar o‘rnida ko‘p qavatli binolar qurilishi munosabati bilan uy-joy bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Kompaniyaning mutasaddi rahbarlari Zebiniso ko‘chasida noqonuniy uylar qurib, u yerga 18 nafar fuqaroni ko‘chirib o‘tqazadi. Binolar buzilganidan keyin ular byudjetdan 7 mlrd 553 mlrd so‘m miqdorida tovon puliga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Ayblov moddalari

  • Bobir Elmuradov — O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 228-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish; hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish);
  • Kamoliddin Shukurov — Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 3-qismi, 184-moddasi 3-qismi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa), 189-moddasi 1-qismi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 227-moddasi 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni egallash), 28,205-moddasi 2-qismi «a» bandi (jinoyat ishtirokchilarining turlari), 28,209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi);
  • Temur Xalikulov — Jinoyat kodeksining 205-modda 2-qism «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud jarayoni davom etmoqda — hozirda sud tergovi va guvohlarni so‘roq qilish ishlari o‘tkazilmoqda.

Avgustda sud Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayevni Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.