O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxonalar «o‘z oyoqlari ostida yotgan» imkoniyatlardan foydalanayotgani yo‘q, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda.
Bugungi kunda davlat ishtirokidagi 2819 ta korxonaning katta qismi eskirgan usullar asosida samarasiz faoliyat ko‘rsatmoqda, natijada ular hatto dividentlarni ham to‘lay olmayapti, deya qayd etdi davlat rahbari.
«2020 yilda nimalarga e’tibor qaratishimiz lozim? Bizni og‘ir yil kutayapti, chunki oldimizda katta sinovlar turibdi. Davlat ishtirokidagi korxonalarning taqdiri qanday bo‘ladi? Nima sababdan biz haligacha davlat ishtirokidagi korxonalarni boqib kelayapmiz? Ular nima uchun kerak? Beshta korxona bor-yo‘g‘i 1,6 trln so‘m divident to‘ladi. Bu nima degani?», — dedi prezident.
U mamlakat davlat ishtirokidagi korxonalarning tayyor infratuzilmalaridan to‘laqonli foydalanmayotganini ta’kidladi.
«Biz investitsion jozibadorlik bo‘yicha katta ishlarni qilayapmiz, investitsiyalar jalb etayapmiz. Davlat ishtirokidagi korxonalar infratuzilma bormi yoki yo‘q? Tayyor binolar bormi yoki yo‘q? Biroq biz investorlarni jalb qilayapmiz va yangi infratuzilmalar barpo etayapmiz — yo‘llar qurayapmiz, gaz, elektr o‘tkazayapmiz, qurilish-montaj ishlarini olib borayapmiz. O‘z oyog‘imiz ostidagi imkoniyatlardan foydalanmasdan, yo‘qlarini izlayapmiz. 28 yil davomida bu sohada hech narsa qilmadik, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident tajribasizlik O‘zbekistonning eng ojiz tomoni ekanini ta’kidlab o‘tdi.
«Tajribamiz yo‘q — bu bizning eng nozik joyimiz. Davlat ulushini ajratib olib, xususiyga berish yoki investor jalb qilish… o‘xshamayotgandek. Tuman, viloyat, respublika tashkilotlarining mutasaddilari investorlar bilan birgalikda ishlashi lozim. Agarda ular davlat ishtirokidagi korxonalarni sotuvga qo‘ysa, mijozlar paydo bo‘ladimi? Paydo bo‘ladi», — deb hisoblaydi u.
Shavkat Mirziyoyev 1642 ta davlat unitar korxonalari O‘zbekistonga qanday foyda keltirayapti, degan savolni o‘rtaga tashladi. Vaholanki ularning aksariyati «bo‘sh».
«Tayyor binolar, temir yo‘llari, energiya va gaz ta’minotiga ega, bo‘shab yotgan va 30 foizi ishlayotgan juda ko‘p korxonalar mavjud. 2020 yilda davlat ishtirokidagi har bir korxona bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalishni topa olsak, hisob-kitoblar yuritsak, kam xarajat qilib ko‘proq investorlarni jalb eta olamiz. Kam xarajat qilgan holda ko‘proq ish o‘rinlarini ochamiz. Kam xarajat sharoitida ko‘proq eksport qila olamiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Avvalroq xuddi shu yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda davlat ishtiroki hech zarurat bo‘lmagan sohalarda ham saqlab turilganini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.