Dekabr oyining boshida Xiva, Namangan va Nukusda ochilgan uchta prezident maktabining har biriga 144 nafardan o‘quvchi qabul qilindi, deya xabar qildi O‘zA. Birinchi shu kabi maktab sentyabrda Toshkentda ochilgan edi.
Xivadagi prezident maktabi ikki qavatli o‘quv binosi, alohida yotoqxona va chet ellik o‘qituvchilar uchun kichik mehmonxonadan iborat. O‘quv sinflari interfaol yozuv taxtalari va tablolar bilan ta’minlangan, laboratoriya binosi ham mavjud. Maktab kutubxonasi darsliklar, o‘zbek va dunyo badiiy adabiyoti namunalari bilan ta’minlangan. 6400 o‘quvchi mazkur maktabda o‘qish uchun ariza topshirdi.
Namanganda 8000 nafar nomzod orasidan o‘quvchilar tanlab olindi. Maktab 80 mlrd so‘m evaziga davlat byudjeti hisobidan qurildi. Binoda sport zali, suzish havzasi, 6000 kitoblik kutubxona mavjud. Sinflar 16 ta elektron yozuv taxtasi va 36 ta kompyuter majmuasi bilan ta’minlangan. Chet ellik mutaxassislar uchun 15 o‘rinli mehmonxona barpo etildi.
Mashg‘ulotlar Kembrij universiteti ekspertlari bilan ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi.
O‘qituvchilarni saralash bo‘yicha Teachaway va TIC Recruitment kompaniyalari 11 nafar chet ellik mutaxassisni taklif qildi, shuningdek, o‘quv jarayonida 20 nafar mahalliy pedagog ham ishtirok etadi. Cambridge University Press, Oxford University Press, Collins va boshqa nashriyotlardan ta’limda STEAM-yondashuvni joriy etish uchun darsliklar hamda o‘quv anjomlari keltirildi.
Nukusdagi prezident maktabini qurish uchun mahalliy byudjetdan 67 mlrd so‘m ajratildi. 7500 nafar o‘quvchi unda o‘qish istagini bildirdi. 168 o‘ringa ega ikki qavatli o‘quv binosi, yotoqxona, mehmonxona, sport zali, suzish havzasi, oshxona o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi. Barcha uskunalar Xitoy va Turkiyadan keltirildi.
Mashg‘ulotlar qoraqalpoq va o‘zbek tillarida olib boriladi. Matematika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari fanlari esa Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti dasturi bo‘yicha ingliz tilida o‘tkaziladi. O‘quv jarayoniga Keniya va Buyuk Britaniyadan sakkiz nafar mutaxassis jalb qilindi.
Foto
Xivadagi prezident maktabi
Namangandagi prezident maktabi
Nukusdagi prezident maktabi