12 dekabr kuni Toshkent Qurilish bosh boshqarmasi poytaxtdagi reklama konstruksiyalariga egalik qiluvchi reklama agentliklarida olib borilgan o‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar haqida xabarnoma jo‘natdi, deya xabar berdi Toshkent hokimiyai matbuot xizmati.

O‘rganishlar davomida bilbordlarning aksariyatida konstruksiyalarning qaysi jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli ekanligi ko‘rsatilmaganligi aniqlandi.

«Bundan tashqari, ulardan ko‘pi zanglagan, bo‘yalmagan, reklama bannerlarining rangi o‘chgan yoki yirtilgan bo‘lib, poytaxtimizning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Xabarnoma xatda keltirilgan talabga ko‘ra, reklama agentliklari 26 dekabr kuniga qadar o‘z konstruksiyalarini mulkiy tegishliligi haqidagi ma’lumot (tashkilot nomi va telefon raqami) bilan ta’minlashlari shart. Bundan tashqari, agentliklar o‘z mulklarini ko‘zdan kechirish va qoniqarli texnik holatga keltirishi zarur.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining direktor o‘rinbosari A’zam Qurbonov mazkur ishlarga izoh berar ekan, bir necha muhim masalalarni qayd etib o‘tdi.

«Tashqi reklama bozoridek muhim va ta’sirchan sohani tartibga solish vaqti keldi. Tartibga soluvchi tashkilot vakili sifatida men, Qurilish bosh boshqarmasining konstruksiyalarni to‘liq o‘rganib chiqish va tartibga keltirishga oid tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman. Ushbu tadbirkorlik faoliyati turi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilishi zarur. Bu davlat va jamiyatning talabidir», — dedi u.

Xabarda qayd etilishicha, Toshkent Qurilish bosh boshqarmasining ko‘rsatmasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga, Vazirlar mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi 702-qarorining 7-bandiga hamda Vazirlar mahkamasining 2018 yil 12 fevraldagi yildagi 41-qarorining 4 va 5-bandlariga asoslangan.