21 dekabr kuni A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lida qor ko‘chkisi xavfi mavjud bo‘lganligi bois avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati Gidrometeoroligiya xizmati markazi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.
Ayni vaqtda Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanida avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni qabul qilish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
«Qamchiq» dovonidan o‘tishga ulgurmagan avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilarni Toshkent viloyatining Ohangaron va Angren shaharlari hamda Namangan viloyatining Pop tumanidagi mavjud umumovqatlanish shoxobchalariga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ular uchun barcha sharoitlar (issiq ovqat, ichimlik suvi, dam olish joylari) yaratilgan, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, qor qatlami yig‘iladigan joylar holati mustahkam emas, qor ko‘chish xavfi mavjud.
«Qamchiq» dovoni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar kun davomida berib boriladi.