O‘zbekiston prezidenti ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 25 dekabr kuni «Xalq so‘zi» nashrida e’lon qilindi va xuddi shu kundan kuchga kirdi.

«Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunning 49-moddasiga ko‘ra, hozirda prokuratura organlari xodimlarining ma’muriy huquqbuzarlik va intizomiy nojo‘ya xatti-harakat uchun javobgarligi masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal etiladi. Yangi tahrirda esa so‘nggi band bekor qilindi — endilikda prokuratura xodimlarini ma’muriy javobgarlikka tortishda rahbariyatning ruxsati talab qilinmaydi.

«Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasidan (Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining daxlsizlik kafolatlari) Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari tegishincha DXX raisining, DXXning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari boshliqlarining roziligi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ko‘zda tutgan bandi bekor qilindi.

Avval xabar qilganimizdek, Prokuratura xodimlari daxlsizligini cheklash Prezident administratsiyasi topshirig‘ida, DXX harbiy xizmatchilari uchun esa — prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘ida ko‘zda tutilgan. 14 dekabr kuni mazkur qonunni ma’qullagan senatorlar ushbu o‘zgarishlar prokuratura va DXX xodimlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilganini ta’kidlagan edi.